"Men Makka shahrida faqirona hayot kechirar edim. Bir kuni ko’chada hamyon topib oldim. Uyga kelib ochib qarsasam, ichidan bir shoda marvarid chiqid. Bunaqasini umrimda ko’rgan emasman. Qaytib ko’chaga chiqdim. Bir odam: "Men hamyonimni yo’qotib qo’ydim, kim topib olib qaytarib bersa, besh yuz dinor beraman”, deb yurgan ekan. Shunda men, qornim och, hojatmandman, hamyonini berib, evaziga pulni olaman-u undan foydalanaman, deb o’yladim. O’sha odamni chaqirdim. U uyimga kirgach, hamyonning va undagi marvaridning belgilarini so’radim, aniq aytib berdi, so’ng unga hamyonini topshirdim. U besh yuz dinor pulni uzatdi. Ammo men olmadim, olishni ep ko’rmadim. Oradan ancha vaqt o’tib, dengiz safariga chiqdim. Nogahon kemamiz halokatga uchrab, hamma suvga g’arq bo’ldi. Alloh taoloning irodasi ila yolg’iz mengina bir parcha taxtaga yopishib, jon saqlab qoldim. Keyin bir orolga chiqib oldim va o’sha yerdagi masjidda panoh topdim. Mening chiroyli Qur’on o’qishimni eshitib, odamlar oldimga kela boshlashdi. "Yozuvni ham bilasanmi?” deb so’rashdi. "Ha”, dedim. Ular bola- chaqalari bilan kelib, o’qish va yozishni o’rgana boshlashdi. Moddiy yordamlari tufayli men ham o’zimni tiklab oldim. Kunlardan bir kun ular meni uylantirib qo’ymoqchi bo’lishdi. Bir yetim qizlari bor ekan, avvaliga rozi bo’lmadim, lekin ular qistayvergach, rozilik bildirdim. To’y kuni… qizning bo’ynidagi marvaridga ko’zim tushib, hayratda qotib qoldim. u o’sha men topib olgan marvarid edi. Odamlar mening holimga hayron edi. Ularga boshimdan o’tgan o’sha voqeani aytib berdim. "Allohu akbar!” deb takbir aytib yuborishdi odamlar. So’ng bu qizning otasi o’sha hamyonini yo’qotgan kishi ekanini, u umrining oxirigacha: "Dunyoda hamyonini qaytarib bergan yigitga o’xshagan sofdil kishini boshqa ko’rmadim, ey Alloh, meni yana o’sha yigitga ro’baro’ qil, qizimni unga nikohlab beray”, deb duo qilganini aytib berishdi…”
|