Главная » Статьи » Qiziqarli ma'lumotlar

O'zbekiston aholisining 76% ga qurg'oqchilik xavf solmoqda.
O'zbekiston aholisining 76% ga qurg'oqchilik xavf solmoqda


O'zbekistonda qurg'oqchilikka moyil hududlarda yashaydigan aholining ulushi 76,3% ga yetdi. Bu haqda qurg'oqchilikni boshqarish mutaxassislari uchun o'tkazilgan seminar-treningda xabar qilindi.
Seminarda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Gidrometeorologiya xizmat Markazi, O'zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo'jaligi Vazirligi, O'zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish Davlat Qo'mitasi, FVV mutaxassislari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. 
Iqlim o'zgarishlari xilma-xil bo'lib, uzoq salbiy jarayonlardan tashqari anomaliyalar, ekstremal ob-havo holatlari tezligi va kuchliligi o'zgarishida namoyon bo'ladi. Markaziy Osiyoda oxirgi o'n yillar davomida kuzatilayotgan global isib ketishning yuqori tezligi ancha xavfli. Qurg'oqchilik, sel, yer inqirozi va cho'l kengayishidan zarar ko'rayotgan, sezgir tog' va delta ekotizimlari bo'lgan davlatlarga jiddiy muammolar yaratadi. Bundan tashqari, iqlim o'zgarishining bashorat qilinuvchi oqibatlari, hozirgi va keyingi iqlim xavflari mintaqadagi davlatlarning suv bilan ta'minlanishi ahvolini yanada keskinlashtiradi.
Qurg'oqchilik qamrovi va aholiga salbiy ta'siri darajasiga ko'ra O'zbekistondagi asosiy tabiiy ofat hisoblanadi. O'zbekiston iqtisodiyotida qishloq xo'jaligi undan eng ko'p zarar ko'radi, qurg'oqchilik ko'lami va kuchayishini, yetkazadigan zararini hisobga olib, u O'zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy zarar yetkazadi, degan xulosaga kelish mumkin. Qurg'oqchilikka moyil hududlarda yashovchi aholining ulushi 76,3% ga yetadi. Namlik yetishmasligi tufayli yuzaga keladigan qurg'oqchilik atmosfera va tuproq darajasida yuzaga kelishi mumkin, iqlim o'zgarishi oqibatida yuzaga kelganda ular meteorologik, qishloq xo'jalik va gidrologik qurg'oqchilik turlariga bo'linadi.
Qurg'oqchilikning takrorlanishi, kuchayib borishi, keng ko'lami va yetkazadigan zararini hisobga olib, uning oqibatlarini bartaraf etish, pirovardida davlatning oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash zarurati yuzaga keladi. Bunday choralarning muhim tarkibiy qismi qurg'oqchilikning oldini olish uchun iqlim xizmat ko'rsatish asboblari bo'lishi mumkin.
Ko'p davlatlarda Qurg'oqchilik monitoringi Markazlari ishlamoqda, masalan, AQSh da - Nebraska shtati Universitetida, Lyublyana shahrida (Sloveniya) Janubi-Sharqiy Yevropa bo'yicha monitoring markazi, Rossiyada Davlatlararo gidrometeorologiya kengashining Qurg'oqchilik monitoringi Markazi mavjud. O'zgidromet qoshida tuzilgan Milliy Qurg'oqchilik monitoringi Markazining maqsadi qurg'oqchilikka tayyorlik, monitoring, uning salbiy oqibatlarining oldini olish va yumshatish bo'lib, Markaz davlatimizda yig'ilgan ilmiy ma'lumotlardan foydalanadi, qurg'oqchilikning turli jihatlari va uning oldini olish yuzasidan manfaatdor shaxslarni xabardor etishga ko'maklashadi.
Seminar davomida Janubi-Sharqiy Yevropa bo'yicha Qurg'oqchilikni boshqarish markazining mutaxassislari o'z ijobiy amaliyoti va tajribasini o'rtoqlashdi, yo'ldoshli axborotidan foydalanib raqamli modellashtirish asosida qurg'oqchilikni monitoring va prognoz qilish usullarini, O'zbekiston sharoitida qo'llanishi imkoniyatlarini, O'zgidromet Qurg'oqchilikning monitoringi Markazi va Janubi-Sharqiy Yevropa Qurg'oqchilikni boshqarish markazining hamkorligi istiqbollarini muhokama qilishdi.
O'zbekistonda iqlim xavflarini boshqarish loyihasi Dasturning milliy darajada amalga oshirilishini ta'minlaydi. BMTning boshqa idoralari va ayrim donorlarinig loyihalari bilan uzviy bog'liq bo'lgan ushbu loyiha O'zbekiston Respublikasining ustuvor yo'nalishlari va qiziqishlariga muvofiq yo'naltirilgan.
Loyihaning asosiy tadbirlari puxta tahlil hamda manfaatdor davlat idoralari va boshqa tashkilotlar bilan maslahatlashuv asosida ishlab chiqilgan. Loyihaning asosiy hamkori bo'lgan O'zgidromet, va Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tuzilgan Idoralararo Loyihani amalga oshirish nazorati guruhi Loyihani milliy darajada amalga oshirish va iqlim o'zgarishining salbiy oqibatlarini bartaraf etish sohasida davlatimizning ustuvor yo'nalishlari bo'yicha tadbirlarning ijrosini ta'minlashi lozim.
Категория: Qiziqarli ma'lumotlar | Добавил: Shaxzod4ik (23.11.2012)
Просмотров: 1579 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]