Главная » Статьи » Foydali maslaxatlar |
Uya(t)li telefon yohud so‘zlashuv odobi haqida
Texnika haqida aytarli tasavvur yo‘q paytlar bugunning bu taxlit taraqqiylashib ketishi kimning ham tushiga kiribdi, deysiz. To‘g‘ri-da, biror hodisa haqida o‘zga birovga xabar yetkazish uchun kamida kunlab, haftalab, boringki, oylab vaqt kerak bo‘lgan. Har holda Yevropadan Osiyoga jo‘natilgan maktub daqiqalarda yetib kelmagani aniq. "Bir zamonlar"ni o‘tmishda qoldirib, kutilgan, lekin bunchalik bo‘lishi xayolga kelmagan davrda yashayapmiz. Malayziyada o‘qiyotgan do‘stim bilan yuzma-uz turib suhbatlashgandek bo‘laman. Uzoq masofalarni chetlab o‘tib, internet va telefon orqali yo‘qlashamiz — quvonchni ham, g‘amni ham birdek baham ko‘ramiz. Aloqa vositasining bu turlari hayot tashvishlariga o‘ralashib qolganiga esa ancha bo‘lgan. O‘g‘lining bir oz hayallab qolganidan xavotirga tushgan ona go‘shakka qo‘l cho‘zadi. Oshiq yigit ko‘ngil qo‘yganiga izhori dil etmoqlik uchun munosib so‘z topolmasa, o‘shal yorga elektron noma yo‘llashni ma'qul ko‘radi. Ikki kunga deb qarz olgan-u, ikki oydan beri ko‘rinish bermayotgan "aqiningiz"ni axtarib uyidan topolmasangiz, yana telefon joningizga oro kiradi va hokazo va hokazo. Ammo bu "hokazolar"ning hammasi ham siz-u bizning foydamizga xizmat qilavermaydi. Uyali telefon ixtiro qilingunga qadar olimlar ozmuncha ter to‘kkanmi axir? 1973 yil. Aprel oyining uchinchi sanasi. Havo bulut bo‘lishiga qaramay, Nu-Yorkning Manxetten qismidagi ko‘chalardan birida yaxshi kiyingan, qo‘lida kichikroq jomadon tutib olgan o‘rta yoshlardagi bir kishi aylanib yurardi. U binolardan birining oldiga kelib to‘xtadi va jomadonidan ko‘rinishi g‘ishtni eslatadigan allanimani chiqardi. So‘ng unga barmog‘ini bir necha bor tekkizdi-da, qulog‘iga tutdi: — Allo! Salom, Joel. Ofisingning old ko‘rinishi juda chiroyli ekan. Shuni senga aytib qo‘ymoqchi edim. — Qayerdasan? — Menmi, oynang oldida turibman. Avval trubkadan bir kishining alam bilan so‘kingani, keyin qisqa-qisqa gudoklar eshitildi... Uyali telefondagi birinchi qo‘ng‘iroq ana shunday tarzda yakun topgandi. O‘sha jomadonli kishi "Motorola" korporatsiyasining mobil aloqalar bo‘limi rahbari Martin Kuper edi. Ikkinchisi "AT & T Bell Labs" kompaniyasining tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Joel Engel bo‘lgan. Bu voqea tarixga muhrlanayotgan vaqt Martin Kuperning xayolidan nelar kechgan, bunisi qorong‘u. Lekin shu narsa aniqki, u do‘sti Joeldan kashfiyoti uchun beg‘araz tabrik kutgan. Aksiga olib trubkadan so‘kish tovushlari eshitilgan. Mana, oradan 40 yilcha vaqt o‘tibdiki, "g‘ishtin" telefonlar sayqal topdi, takomillasha bordi. Zamondan orqada qolishni ep ko‘rmaslik, balki undan oldinroqda yurishga odatlanganlik vajidanmi, "so‘kong‘ich" abonentlar safi ham kengaygandan kengaydi. Bugunga kelib, madaniyat, did-farosat, axloq borasida gap ketgudek bo‘lsa, endilikda kiyinish, salomlashish, mehmon kutish kabilar qatoriga telefonda suhbatlashish odobini ham kiritib qo‘yish kerakdek, nazarimda. Biz tomonda ko‘pni ko‘rgan keksalar erta bilan turishni, sahar chog‘i derazani ochib qo‘yishni to‘xtovsiz uqtirishadi. Ularning aytishicha, bu payt xonaga farishtalar kirarkan. Chindan ham shunday bo‘lsa, telefonni qulog‘idan beri qo‘ymayotgan, tongga boribgina ko‘rpa-yostig‘ini qidirib qolayotgan ba'zilarning derazasiga achinib ketasan kishi. Chunki bu derazalar oldida farishtalar qanot qoqmaydi-da. Agar deraza ichkarisida qizlar yashayotgan bo‘lsa, yanada ayanchli! Singlim nimayam bo‘lib, dugonasining qizlar bazmiga borolmadi. Xotin-xalaj bazmdan deyarli bitta gap "qo‘ltiqlab" qaytishdi: "Voy o‘lay, kuyov oldin uylangan ekan. Oldingi xotinidan bir o‘g‘il, bir qizi ham bor ekan. Endi bechora qiz nima qiladi?" Dugonalari singlimga voqeani boshqachar-o-q izohlab beribdi: "O‘zidan o‘tdi. U yigit bilan telefonda tanishgan. Undan avval uni sirayam ko‘rmagan. Tuni bilan yondim-kuydimlashib chiqardi. Shivir-shivir, vijir-vijir, pichir-pichir..." Qulog‘imga ortiqcha gap kirmadi. Haliyam bo‘lsa voqeani aqlimga singdirolmay garang edim. Uyali aloqa shunchalik "qudrat"ga egami? — degan savol o‘ynardi miyamda. Uning oldida yorug‘lik tezligi toshbaqa yurish qilayotganga o‘xshab tuyuldi menga. Darvoqe, viloyat telekanallarida beixtiyor bir holatni ko‘rib hayratim oshdi. Televizorda yoshgina yigitcha yor hajrida nola chekib, ming azobda qo‘shiq aytadi. Bu payt ekranning ost qismidan hayratomuz SMSlar birin-ketin chiqib kelaveradi. Ularning dearli barchasi taxminan mana bunday mazmunda: "Aqlli, esli-hushli qizlar bilan tanishaman!" Bu ham mayliku-a, "falon joydan, falon yoshda bo‘lsin" dea qo‘yilgan "talablar"ga tobingiz qalay? Hatto beandisha yigitlar "falon qishloqdagi falonchi boboning pismadonchi qizini yaxshi ko‘raman" degan SMSlarni yuborishadi. Endi "falonchi bobo"ning qishloqda bosh ko‘tarib yurishini tasavvur qilib ko‘ring. O‘shandayam telefonni qo‘limga shart olib, tegishli manzilga SMS yuborgandim, dam o‘tmay ekranda paydo bo‘ldi: "Aqlli, esli-hushli, o‘zini bilgan qaysi qiz raqamga qo‘ng‘iroq qilib, siz bilan tanishmoqchiman deydi?!" Umuman olganda, uyali aloqaning foyda-zarari to‘g‘risida ko‘p narsani bilamiz — ko‘rganmiz, guvoh bo‘lganmiz. Bittagina "lekini" unga amal qilmaymiz, xolos. Mana masalan, ularning miyaga salbiy ta'siri, buning oqibatida yuzaga keladigan kasalliklar haqida tasavvurga egamiz. Ammo "o‘sha kasallik kelib-kelib meni tanlarmidi" qabilida ish tutamiz. Tanlaganida esa "poyezd ketib bo‘lgan", vagonlardan biriga tirmashib sog‘liq ham bizdan uzoqlashgan bo‘ladi. Telefon vaqtni o‘g‘irlaydi dea soatlab bahslashib qolamiz gohida. Qarang, shuni ham fahmlayapmiz. Lekin o‘zimizni "hayotning qaynoq jabhasida" turgandek his qilib, aloqada davom etamiz. Uyqu istagidagi organizmning bor-yo‘q energiyasini tuni bilan sarflab, ortiqcha qiynab qo‘yishimizga aqlimiz yetadi. Yana ham o‘z bilganimizdan qolmaymiz. Eng yomoni, oramizda mobil telefon xotirasini axloqqa yot tasvirlar, behayo suratlar, beandisha kliplar va allambalolar bilan "boyitish"ni kanda qilmaydiganlar ham yo‘q emas. Dahshatlisi, bunday kadrlarni yig‘ib-terib yuradiganlarning aksar qismini bolalar tashkil qilmoqda. Bu ham yetmagandek, ba'zida qo‘ng‘iroq qila turib, "Kim bu?" so‘rog‘ini beradigan ayrim kishilarni sira tushunmayman. Bu holat uy raqamingizni terib, "Hozir qayerdasiz?" degan bilan barobar. Bularning har ikkalasi ham bizga nisbatan bee'tiborlik, loqayd bir kayfiyatni ifodalaydi. Bundan tashqari, suhbatdosh bilan muloqotda alohida muomala talab qilinadi. Go‘shakni yosh bola ko‘tarsa, unga bolalarcha gapiriladi, yoshi kattaroq bo‘lsa, ohangimiz jiddiy tus oladi. Bunda muomala odobi alohida inobatga olinadi. Shunga qarab aloqani iliq va davomli qilishimiz mumkin yoki aksincha... Maqolaga nuqta qo‘yishdan oldin yana bir bor tarixga yuzlansak. 1950 yilning 3 dekabrida Shvetsiyadagi "Televerket" kompaniyasining xodimi S.Lauren Liding shahridagi Vasaganat ko‘chasida o‘zining "Volvo" xizmat mashinasidan turib, avtomobil ichiga o‘rnatilgan telefondan hayajon bilan qaynonasining uy raqamini teradi. Keksa ayol kuyovim aqldan ozibdi, degan xayolga boradi va o‘ylaganlarini tiliga chiqaradi: "Stur, mashinaning ichida o‘tirib qanday qilib telefonda gaplashish mumkin?! Yo‘q, sen tadqiqotlaringga juda qattiq berilib ketibsan. Albatta ruhshunos-doktorimizga borib uchrash..." Qaynonaning gapidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bugungi "telefon shaydolari" tom ma'noda ruhshunosga muhtoj. Endilikda esa qo‘l telefoni bo‘lmagan kishilarni Sturga o‘xshatamiz. Hatto pisand qilmaslik darajasigacha boramiz. Tan olish kerakki, uyali aloqasiz biror ishni ko‘ngildagidek bitkazish bugun ilojsiz. Uning maqsadi o‘z ma'nosi bilan aloqani ta'minlashdir. Musiqa, rasm, video singari qo‘shimcha imkoniyatlar alohida masala, alohida muammo. "Musiqa tinglama!", "Noma'qul narsalarni ko‘rma!" degan nasihatomuz buyruqlar bilan ish bitmaydi. Oxirgi gap har kimning ham o‘zida qolgan: xohlasin tinglasin, eshitsin, ko‘rsin, xohlasin yo‘q. "Xizmat doirasidan tashqari"ga chiqsak-da, asosiysi, odamiylik doirasidan tashqariga chiqmasak bo‘lgani. USHBU MA`LUMOT INTERNETDAN OLINGAN(Akmal JUMAMURODOV) | |
Просмотров: 2218 | |
Всего комментариев: 0 | |